Joriy yilning 6-aprel kuni Surxondaryo viloyati Geologiya xavfli jarayonlarni kuzatish stansiyasi tomonidan Surxondaryo viloyati, Uzun tumani, “Xonjiza” MFY atrofidagi tog‘li adirliklarda 480-500 ming metr kub yer surilishi oqibatida ko‘chki izlari va yoriqlari paydo bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligining rasmiy saytida xabar berildi.
Mazkur holatni oldini olish maqsadida shu kunning o‘zidayoq Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash boshqarmalari, Uzun tuman hokimligi va boshqa Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish davlat quyi tuzilmalari tomonidan tezkor amaliy tadbirlar bajarilib, ushbu hududda istiqomat qiluvchi aholi xavfsiz joylarga ko‘chirildi va уetarli shart-sharoitlar bilan ta’minlandi.
Shuningdek, aholiga favqulodda vaziyatlarni oldini olish va sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakatni amalga oshirish borasida mutaxassis xodimlar tomonidan tushuntirish ishlari olib borildi.
O‘z vaqtida bajarilgan tadbirlar, aholi xavfsizligini ko‘zlab amalga oshirilgan tezkor choralar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etishga erishildi. Hozirda mazkur hudud to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, kecha-yu kunduz navbatchilik ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)