O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq respublikasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi a’zosi, Siyosiy-yuridik komissiyasi kotibi, O‘zbekiston−Xitoy hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining Xitoy tomonidan hamraisi Men Szyanchju 9-aprel kuni Elyor G‘aniyev bilan uchrashdi.
Men Szyanchju Xitoy O‘zbekiston bilan Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘ini birgalikda qurish va amalga oshirilish natijalaridan foydalanishga tayyorligini ta’kidladi.
Tomonlar joriy yilning iyun oyida Shandun provinsiyasidagi Jichjao shahrida bo‘lib o‘tadigan va ikki tomonlama munosabatlar rivoji uchun yangi turtki bo‘lib xizmat qiladigan O‘zbekiston−Xitoy hamkorligi bo‘yicha hukumatlararo komissiyasining uchinchi yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazish bo‘yicha yaqin hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashi lozimligi qayd etildi.
Elyor G‘aniyev Xitoy O‘zbekiston uchun hamkorlik bo‘yicha ishonchli va juda muhim sherik ekanligini ta’kidladi. O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining iqtisodiy belbog‘ini qurishda faol ishtirok etishga tayyorligi e’tirof etildi.
Izoh (0)