21-mart kuni start berilgan o‘zbek blogerlari chempionatining birinchi bosqichiga yakun yasaldi, deb xabar bermoqda “Xushnudbek.uz”. Birinchi bosqichda jami bo‘lib 266 nafar blogerdan arizalar kelib tushdi. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilgi natijadan salkam ikki yarim baravar ko‘pdir.
Birinchi bosqichga kelib tushgan barcha ishlar hakamlar hay’ati tomonidan baholab chiqildi. Ikkinchi bosqichga eng yaxshi natija ko‘rsatgan 50 nafar bloger yo‘l olishi kerak edi. Ammo ovoz berish natijalariga ko‘ra, 46−53-o‘rinlarga 8 nafar blogerlar da’vogarlik qilishdi va bir xil reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lishdi. Bunday vaziyatda qoidaga ko‘ra, barcha blogerlar keyingi bosqichga yo‘l olishdi.
Ikkinchi bosqichda blogerlar yangi, hali hech qayerda e’lon qilinmagan blogpost taqdim etishi lozim. Ariza taqdim etishning so‘nggi muddati – 24-aprel soat 23:59. Bundan kechikkan ishlar qabul qilinmaydi va ko‘rib chiqilmaydi.
Ikkinchi bosqichda birinchisidan farqli o‘laroq, baholash tizimi biroz o‘zgacha bo‘ladi. Agar birinchi bosqichda faqat hakamlar hay’ati ovoz bergan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda hakamlardan tashqari, blogerlar va oddiy mushtariylar ham final yo‘llanmasi sohiblarini aniqlashga yordam berishadi. Ikkinchi bosqichda eng yaxshi natija ko‘rsatgan 10 nafar bloger finalga yo‘l oladi.
Izoh (0)