Qoraqalpoq tilshunosligi bo‘yicha yirik olim, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Abatbay Dauletov 7-aprelda 73 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
A.Dauletov 1942-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Kegeyli tumanida tug‘ildi. 1964-yilda Qoraqalpog‘iston davlat pedagogika institutini tugatib, shu dargohda o‘qituvchi bo‘lib ish boshladi. So‘ngra Leningrad davlat universiteti aspiranturasida tahsil oldi. 1972-yilda nomzodlik, 1992-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi.
Jonkuyar va fidoyi olim o‘zining 50-yillik ilmiy faoliyati davomida Qoraqalpoq davlat universitetida dotsent, kafedra mudiri, fakultet dekani, professor lavozimlarida ishladi. Qoraqalpoq tilshunosligiga oid dolzarb masalalarni tadqiq etish, ilm-fanning mazkur yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shdi.
Uning qoraqalpoq tilining nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlab yozgan o‘nlab monografiya, maqola va risolalari, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari keng jamoatchilikka yaxshi ma’lum.
Zahmatkash olim o‘z faoliyati davomida jonkuyar ustoz sifatida yoshlarga ilm-fan sirlaridan saboq berdi. Uning bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va doktorlari tayyorlandi. Yirik olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Abatbay Dauletovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Izoh (0)