Toshkent temir yo‘l vokzalidan Navoiy viloyatiga “Salomatlik” poyezdi jo‘nab ketdi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu poyezddagi shifokorlar 31-martga qadar mazkur viloyatda salomatlik kunlarini o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Navoiy viloyatiga jo‘natilgan “Salomatlik” poyezdi yuklarini shakllantirishda “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zkimyofarm” aksiyadorlik jamiyati, Remedi, Universal hygienic care, My lovely Asia Co. qo‘shma korxonalari, “Diyor biznes”, “Agro biokimyo”, “Galenika”, Nobel pharmsanoat, “Zamona Ra’no”, “Shaffof-servis”, Baxtteks-farm mas’uliyati cheklangan jamiyatlari, AQShning Ameri Cares va Toms Shoes xalqaro tashkilotlari va boshqa muassasalarning hissasi katta bo‘ldi.
Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsad chekka hududlarda yashayotgan aholi, jumladan, ayollar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Navoiy, Tinchlik, Konimex, Qara-Qata, Mustaqillik, Qizilquduq, Buzaubay va Uchquduq stansiyalari atrofidagi hududlarda tashkil etiladigan salomatlik kunlari doirasida aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Navoiy viloyati filiali ko‘chma tibbiy-ijtimoiy brigadasi bilan hamkorlikda viloyatdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga gumanitar yordam yuklari topshiriladi.
Izoh (0)