Singapur politsiyasi mamlakat birinchi bosh vaziri Li Kuan Yuning go‘yoki vafot etgani haqidagi yolg‘on xabarni tarqatgan xaker shaxsini aniqladi, deya xabar bermoqda “TASS”. U mahalliy o‘quv muassasalaridan birida o‘qiydigan voyaga yetmagan yigit bo‘lib chiqdi. U 36,1 ming dollargacha miqdorda jarimaga tortilishi yoki 10 yilgacha qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Foto: “TASS”

Foto: “TASS”

Politsiya xabariga ko‘ra, u ayni paytda qo‘lga olingan va tergovga yordam bermoqda.

Bosh vazir matbuot xizmati 18-mart kuni 91 yoshli Li Kuan Yuning ahvoli yomonlashgani haqida bayonot berdi. Oradan bir necha soat vaqt o‘tib, internetda go‘yoki “Singapur hukumati ma’muriyati” tomonidan tarqatilgan e’lon paydo bo‘ldi, unda Li Kuan Yuning vafot etgani aytilgandi.

Singapur davlatining asoschisi beshinchi fevral kuni o‘tkir zotiljam kasalligi bilan shifoxonaga yotqizilgan edi. Hozirda uning ahvoli shifokorlar tomonidan og‘ir deya baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, Li Kuan Yu Singapur hukumati tepasiga 1959-yilda kelgan bo‘lib, davlatni 1990-yilgacha uzluksiz boshqargan. Aynan uning davrida Singapur qashshoq davlatlar qatoridan chiqib, dunyoning moliyaviy markazlaridan biriga aylangan, aholi turmush darajasi bo‘yicha esa yuqori uchlikdan joy olgan.