Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanalar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
21-mart kuni bayramona bezatilgan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘iga senatorlar va deputatlar, hukumat a’zolari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, tabarruk keksalar, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari tashrif buyurdi.
Soat 10:00 da maydonga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov kirib keldi. Bayram tantanasiga yig‘ilganlar davlat rahbarini qarsaklar bilan kutib oldi.
Chorlov musiqasi yangragach, so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga berildi. Prezidenti O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan muborakbod etdi.
Maydon uzra hayot mo‘jizasi – tabiat uyg‘onishini madh etuvchi navo taraldi. Ulkan monitorlarda O‘zbekistonning go‘zal manzaralari – yam-yashil bog‘lar, purviqor tog‘lar, zamonaviy inshootlar, bunyodkor zamondoshlarimiz qiyofasi namoyon bo‘ldi.
Sahnaga bolakaylar chopib keldi. Maydon sho‘x-shodon kulguga to‘ldi. Ularning beg‘ubor chehrasi, yonib turgan ko‘zlari, jarangdor kuy-qo‘shiqlari barchaga zavq-shavq bag‘ishladi.
Navro‘z tomoshalari ko‘tarinki ruhda davom etdi. Folklor-etnografik ansambllarning chiqishlari, xalq o‘yinlari bayramni yanada qizitdi. Ularda O‘zbekiston xalqining boy madaniyati, turmush tarzi va qadriyatlari o‘z aksini topgan. Kuylar qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar jo‘shqin raqslarga ulandi.
Bayram tantanasi yanada qizidi. Monitorlarda uloq-ko‘pkari, kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, dorbozlik kabi elimizning zavqli an’analari namoyish etildi. Doshqozonlarda to‘qchilik, mo‘l-ko‘lchilik ramzi sifatida sumalak, halim va go‘ja tayyorlandi. O‘lanchi-yu laparchilar Vatan, Navro‘z, tabiat haqida qo‘shiqlar aytdi.
Maydon uzra taralgan boshqa kuy-qo‘shiqlarda ham Navro‘z, Vatan, tinchlik, yoshlik, sevgi va sadoqat tarannum etildi.
Izoh (0)