O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 19-mart kuni Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasining raisi G‘.Ortiqov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili O.Maqsudov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda “Inson – mamlakatning asosiy boyligi”, “Adolat – hayotimizning bosh mezoni”, “Adolat – har bir inson uchun” tamoyillarini keng ko‘lamda jamiyatga joriy etish, yoshidan, millatidan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, kelib chiqishidan qat’i nazar, barchaga teng imkoniyatlar taqdim etish, ijtimoiy adolat tamoyillari, fuqarolar huquqlari, qonuniy manfaat va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, bundan buyon ham boshqaruvda ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini yechishda qarorlarni shakllantirish va qabul qilish jarayonida jamoatchilikning faol ishtirokini ta’minlash, ularni amalga oshirishda jamoat nazoratini qo‘llash masalasi ham ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Uchrashuvda Namangan davlat universiteti rektori A.Umarov, Namangan muhandislik-texnologiya instituti professori H.Ahmadxo‘jayev, O‘zbekiston “Adolat” SDP Namangan viloyati kengashi raisining birinchi o‘rinbosari S.Abdurahmonov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, unda dunyo siyosiy amaliyotida keng qo‘llaniladigan va e’tirof etilgan sotsial-demokratik g‘oyalar milliy qadriyatlarimiz, xalqimiz mentalitetiga uyg‘un holda mujassam etilganiga e’tibor qaratdi.
Izoh (0)