Navro‘z bayrami arafasida Marg‘ilon shahar markaziy madaniyat va istirohat bog‘i kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Marg‘ilon shahar madaniyat va istirohat bog‘ining butunlay rekonstruksiya qilinib, qisqa fursatda bu yerda keng ko‘lamli qurilish-obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bolalar uchun yangi attraksionlar o‘rnatildi. Go‘zal va so‘lim dam olish maskaniga aylangan bog‘ hududida yozgi amfiteatr majmuasi ham barpo etildi. Rangli va musiqali favvora esa bog‘ ko‘rkiga ko‘rk qo‘shmoqda.
“Bog‘ning landshaft dizayni o‘ziga xos tarzda ishlab chiqilgan, – dedi mazkur madaniyat va istirohat bog‘i direktori G‘.Mamajonov. – Bu yerda faqat sayr qilish uchun imkoniyat yaratish va turli attraksionlar o‘rnatish bilan cheklanib qolmasdan, bog‘ni katta-yu kichik uchun birday sevimli hordiq maskaniga aylantirish maqsadida yangi g‘oya va tashabbuslar ilgari surildi.
Bog‘ hududidagi maydon ko‘kalamzorlashtirildi hamda sun’iy suv sepish moslamalari o‘rnatildi. 3000 tupdan ziyod manzarali daraxt ko‘chati, butasimon o‘simliklar ekildi. Hududni yoritish uchun bog‘ning to‘rt tarafida ulkan yoritish moslamalari, yo‘laklar yonida yetmishta tungi chiroq o‘rnatildi”.
Izoh (0)