Toshkent shahridagi “Shodlik Palas” mehmonxonasida shaxmat bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir davom etmoqda. Bu yil o‘z tarixida 9-marotaba o‘tkazilayotgan musobaqada kecha, 17-mart kuni 7-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Olamsport.com” xabar berdi.
Ushbu turda O‘zbekistonning iste’dodli shaxmatchisi Akmal Fayzullayev (2315) shov-shuvli natija qayd etdi. U qora donalarda o‘ynashiga qaramay, xalqaro grossmeyster (2603) belaruslik Aleksey Aleksandrovni mag‘lubiyatga uchratdi. Bu g‘alabadan so‘ng, Fayzullayev 5,5 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Uchinchi o‘rinni egallab turgan armanistonlik grossmeyster Tigran Petrosyanda ham shuncha ochko bor. Petrosyan musobaqaning birinchi tartib raqamli shaxmatchisi hisoblanadi. O‘zbekistondan, shuningdek, Ulug‘bek Tillayev, Ibrohim Karimov, Bahodir Xolmirzayev, Alisher Begimqulov, Aleksey Barsov, Sarvinoz Qurbonboyeva va Marat Jumayevda 5 ochko bor va ularda ham g‘oliblik yoki sovrinli o‘rinlar uchun imkoniyat saqlanib qolmoqda.
Musobaqa jadvalida rossiyalik grossmeyster (2664) Vladislav Artemyev hamda fransiyalik (2634) Vladislav Tkachev 6 tadan ochko jamg‘arib, qo‘shhokimlik qilyapti.
Izoh (0)