Osiyo Chempionlar ligasi 3-turi doirasidan o‘rin olgan “Bunyodkor” va “Lahviya” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin o‘z nihoyasiga yetdi. Uchrashuvda Sergey Lushan shogirdlari kichik hisobda imkoniyatni boy berdi, deb xabar bermoqda “Uff.uz”.
Uchrashuvni “qaldirg‘ochlar” faol boshladi. Ammo ko‘p vaziyatlarda ulardan omad yuz o‘girdi. Ba’zi vaziyatlarda esa so‘nggi zarbani yo‘llashda “Bunyodkor” hujumchilariga aniqlik yetishmadi.
Uchrashuvning 27-daqiqasida raqib deyarli yo‘q joydan hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Qatarliklar hujumchisi Ismoil Muhammad bir o‘zi to‘rt himoyachidan qochib ketdi. Jarima maydonchasi chizig‘ida uni Akbar To‘rayev chalib yiqitdi. Hakam hech ikkilanmay penalti belgiladi. 11 metrlik nuqtadan “Lahviya”ning koreyalik futbolchisi Nam Taye Xi adashmadi – 0:1.
Goldan keyin vaziyatni o‘nglash uchun “Bunyodkor” bor kuchi bilan oldinga tashlandi. Ammo qatarliklar himoyachilari ularning hujumlarini katta mahorat bilan bartaraf etib turdi. Bugungi o‘yinda Sardor Rashidovning ham o‘yini o‘xshamadi.
Sergey Lushan Rashidovni ikkinchi bo‘limda zaxiraga olib, Eldor Shomurodovni uning o‘rniga tushirdi. Shomurodov hujumni kuchaytirdi, ammo o‘yinni qutqara olmadi.
O‘yin yakuniga yetgan sari “Bunyodkor”ning hisobni tenglashtirish uchun imkoniyatlari pasayib boraverdi.
Shu tariqa “qaldirg‘ochlar” o‘z maydonida “Lahviya”ga imkoniyatni boy berib, guruhdan chiqish masalasini yanada qiyinlashtirdi.
OChL, 3-tur
“Bunyodkor” – “Lahviya” 0:1
Gol: Naye Tam Xi, 27
“Bunyodkor”: A. To‘rayev, A.Shorahmedov, I. Miloshevich, A. Filiposyan, A. Komilov, Sh. Zuagi, S. Bekrich, M. G‘ofurov, S.Rashidov, S. Minori, V. Shodiyev.
“Lahviya”: K. Amin, M. Musa, J. Moreno, X. Muftah, L. Martin, Nam Taye Xi, K. Budiaf, V. Vayss, I. Muhammad, M. Razark, M. Abdulloh.
Izoh (0)