2015-yil 9-11-mart kunlari Navoiy viloyati Xatirchi tumanida “Boshqaruv organlari, FVDTning quyi tizimlari bilan tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlar va ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha harakati” mavzusida qo‘mondonlik shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.
3 kun davom etgan o‘quv mashqlari bir nechta amaliy mashg‘ulotlarga bo‘linib, ular turli mavzularda o‘tkazildi. Xususan, o‘quv mashqlari “Texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirishda obyekt tuzilmalari hamda FVDT xizmatlarining hamkorlikdagi harakati”, “Yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganda FVDT xizmatlarining hamkorlikdagi harakatlari”, “Qutirish kasalligi gumon qilinganda tegishli xizmatlarning hamkorlikdagi harakati” kabi bir necha mavzularda bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik tizimida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan amaliy mashg‘ulotlar qutqaruvchilarni, shu bilan birga, unda ishtirok etayotgan aholini favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda to‘g‘ri harakat qilishda o‘z bilim hamda ko‘nikmalarini yanada oshirishga yordam beradi.
Qo‘mondonlik shtab o‘quv mashqi so‘ngida belgilab olingan masala va maqsadlar to‘laligicha bajarildi.
Izoh (0)