O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tinglovchi qizlar o‘rtasida “Balli, qizlar!” tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Akademiya boshlig‘i, general-mayor Sh. Ikromov va boshqalar O‘zbekistonda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy faolligini yuksaltirish masalasiga davlat tomonidan doimiy e’tibor qaratib kelinayotganini ta’kidladi.
Tanlov shartlariga ko‘ra, akademiya tinglovchilari yugurish, harbiy tayyorgarlik, o‘q otish, shuningdek, milliy taomlar tayyorlash va dasturxon tuzash bo‘yicha o‘zaro bahslashdi. Unda uch jamoa – birinchi kurs qizlarining “Akademiya malikalari”, ikkinchi kursning “Mardona qizlar” va uchinchi kursning “Mohitabon” jamoalari o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi.
Yakunda birinchi o‘rin “Mardona qizlar”, ikkinchi o‘rin “Mohitabon” va uchinchi o‘rin “Akademiya malikalari”ga nasib etdi.
Tanlov qatnashchilariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. Tadbir san’at ustalari ishtirokidagi konsert bilan yakunlandi.
Izoh (0)