O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-yanvardagi 02-63-4-sonli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida hududlarda aholi tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish, oziq-ovqat maxsulotlarini ko‘paytirish, bozorlarda narx-navoning barqarorligini mustahkamlash hamda aholi bandligini ta’minlash borasida, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning quyi tizimlari tomonidan amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu haqda vazirlik rasmiy sayti xabar berdi.
Jumladan, Sirdaryo viloyatida 81 ta agrofirma tashkil etildi. Ular viloyatda mavjud 115 000 aholi xonadonlari salkam 14 ming gektar tomorqa yer maydonlarida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish uchun servis xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Tashkil etilgan agrofirmalar ko‘magida viloyat aholisida da 180 000 mingdan ortiq parranda tuxumi, 100 mingta parranda, 36 mingdan ortiq qo‘y-echki, 20 000 ga yaqin quyon, 10 000 boshdan ortiq qoramol (shundan 4 ming bosh chetdan keltiriladigan naslli qoramollar), 4 000 tonnadan ortiq sabzavot, kartoshka va poliz urug‘lari, 107 000 ming tup mevali ko‘chatlarga ehtiyoj borligi aniqlandi. Talabni qondirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 44,1 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi.
Agrofirmalar va ta’minotchi korxonalar o‘rtasida urug‘, ko‘chatlar va chorva mollarini xarid qilish uchun shartnomalar imzolandi. Ular asosida kredit mablag‘larini ajratish yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari yakunlanmoqda. Viloyatda aholi tomorqa xo‘jaliklarida oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish hisobiga jami 15 000 ga yaqin qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Aholi tomorqalarida chorvachilik hisobiga 10 000 ta, parrandachilikni tashkil etish hisobiga 3600 ta, tomorqa maydonalarida sabzavot, poliz, kartoshka va meva mahsulotlarini yetishtirish hisobiga 1400 ta qo‘shimcha ish o‘rinlari tashkil etilishi kutilayapti.
Albatta, bu kabi xayrli ishlarni amalga oshirish uy mehnati va kasanachilikni kengaytirish, va davlat tomonidan ularga berilgan imtiyozlardan keng foydalanish imkonini beradi.
Xususan, kasanachilik ish o‘rinlari mulk solig‘i va yagona ijtimoiy to‘lovdan ozod etiladi, kasanachilar (tomorqa egasi) faoliyat ko‘rsatayotgan xonadonlar noturar joylar toifasiga o‘tkazilishi talab etilmasligi, kasanachilik ehtiyojiga sarflangan elektr energiyasi, gaz, suv va boshqa kommunal to‘lovlar aholi to‘laydigan tariflar bo‘yicha qoplanishi, kasanachilar ishlab chiqargan mahsulotga sertifikat talab qilinmasligi, tayyor mahsulotlar sotuvi litsenziyasiz korxonalar zimmasiga yuklanishi hamda kasanachining faoliyatini assosiz tekshirishga yo‘l qo‘yilmasligi, faqat korxonani rejali tekshiruvi jarayonida amalga oshirilishi ham tegishli hujjatlarda belgilangan.
Kasanachilar mehnat munosabatlari va muhofazasi bilan to‘liq qamrab olingan. Jumladan, kasanachiga tegishli shart-sharoitlar yaratilishi va ularning belgilangan tartibda mehnat havfsizligi bilan hamda xom-ashyo va buyurtmalar bilan uzluksiz ta’minlanishi agrofirmalar zimmasiga yuklatilgan. Shu bilan birga agrofirma kasanachining ish haqidan jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti hisobiga oyma-oy bir foiz mablag‘ni o‘tkazib borilishi orqali kelgusida kasanachining ijtimoiy himoyasi va pensiya ta’minotini kafolatlanishiga asos bo‘la oladi.
Izoh (0)