Markaziy saylov komissiyasida Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB)ning O‘zbekistonga tashrif buyurgan kuzatuvchilari missiyasi asosiy guruhi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Missiyani Kayetana De Zuluyeta boshqarmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar bermoqda.
Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari K. Adilov mehmonlarga O‘zbekistonda saylov kampaniyasi borishi haqida so‘zlab berdi. Xususan, mehmonlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi amalga oshirilishi bilan tanishtirildi. Qayd etilganidek, Markaziy, okrug va uchastka saylov komissiyalari o‘z faoliyatida saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida qonuniylik, oshkoralik va transparentlik prinsiplariga qat’iy rioya etilishiga alohida e’tibor qaratadi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi faoliyatini, uning O‘zbekistonda saylovni kuzatish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi bilan o‘zaro hamkorligini tashkil etish masalalari xususida atroflicha fikr almashildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 117-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish uchun mas’ul konstitutsiyaviy organ sifatida Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining huquqiy kafolatlari sezilarli ravishda mustahkamlangani, mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik komissiya faoliyatining asosiy prinsiplari ekani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga binoan saylov jarayoniga jalb etilgan jismoniy va yuridik shaxslarning saylov qonunchiligiga rioya etish, Markaziy saylov komissiyasi qarorlarini so‘zsiz bajarish bo‘yicha javobgarligi kuchaytirilgani alohida qayd etildi.
Uchrashuvda tomonlar YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi missiyasi a’zolari faoliyati saylov jarayoni ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, uni xalqaro standart va normalarga muvofiq tashkil etishga ko‘maklashishiga ishonch bildirdi.
Kayetana De Zuluyeta qayd etishicha, missiya saylovlarni O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan muddat va tartiblarga muvofiq, uzoq muddatli asosda kuzatadi. Bu kuzatuv nomzodlar saylovoldi tashviqotini qanday olib borayotgani, ommaviy axborot vositalari saylovchilarni saylov jarayonining borishi haqida qanday xabardor qilayotganini o‘z ichiga oladi. Missiya a’zolari mamlakatning bir qator hududlariga tashrif buyurib, saylov komissiyalari faoliyati bilan tanishadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunning 5-moddasiga muvofiq saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega. Ularning vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi mandatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Ushbu hujjat kuzatuvchiga Markaziy saylov komissiyasi majlislarida qatnashish huquqini beradi. Markaziy saylov komissiyasining majlislari ochiq va oshkora o‘tkaziladi.
Izoh (0)