O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda. Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov 21-fevral kuni Jizzax va Samarqand viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Jizzax viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasining raisi A. Sattorov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili M. Karimova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Hotamjon Ketmonov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda aholi, ayniqsa, kam ta’minlanganlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada rivojlantirish, aholining iste’mol ehtiyojlarini to‘la qondirish maqsadida mahalliy xomashyo va materiallarni qayta ishlash korxonalari faoliyatini takomillashtirish, yuqori sifatli iste’mol tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qishloq joylarida oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikni tashkil etish orqali aholi bandligi va turmush farovonligini ta’minlashni kuchaytirish vazifalari belgilangan.
Uchrashuvda Jizzax transport va sanoat kasb-hunar kolleji direktori Q. Ergashev, Jizzax tumani fermerlar kengashi raisi A. Abdurahmonov, Zomin tumani 1-o‘quvchilar ijodiyot markazi direktori G. Abdulhakimova va boshqalar nomzodning dasturi va unda belgilangan vazifalar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni ko‘ppartiyaviylik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda demokratik islohotlar hayotga tatbiq etilayotganining amaldagi ifodasi ekanini ta’kidladi.
Samarqand viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining raisi Y. Allayorov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili K. Isabekov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Hotamjon Ketmonov saylovchilarga o‘z saylovoldi dasturida ilgari surilgan asosiy yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi.
Dasturda ijtimoiy sheriklik institutlarini yanada rivojlantirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilishning sud mexanizmlari ommabopligini kengaytirish va mazkur masalalarda sud nazoratini kuchaytirish hisobiga sud qarorlari ijrosi sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish kabi ustuvor vazifalar belgilangan. Aholi, ayniqsa, olis qishloq hududlarida birlamchi tibbiy yordamdan qulay va tez foydalanish imkoniyatini ta’minlovchi qishloq vrachlik punktlari tarmog‘ini kengaytirish, farmatsevtika korxonalari va dorixona muassasalari faoliyati, dori-darmon vositalari narxi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Uchrashuvda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20-umumta’lim maktabi direktori Z. Berdiyeva, Xalq demokratik partiyasi Kattaqo‘rg‘on shahar kengashi raisi T. Hamidov va boshqalar nomzodning dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda xalq turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilganini ta’kidladi.
Izoh (0)