O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov 18-fevral kuni Samarqand va Jizzax viloyatlari saylovchilari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Samarqand viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining raisi Ya.Allayorov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili N.Rabbimova yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda mamlakatimizda “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan siyosatni rivojlantirish, aholi turmush sifati ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash sharti bo‘lgan davlat ijtimoiy dasturlarini tatbiq etishni izchil davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan. Ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni faqat davlat hokimiyati organlarining samarali sa’y-harakatlari bilan hal etib bo‘lmasligini inobatga olib, xodimlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, korxonalarda xodimlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, biznes tuzilmalarning ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshirish doimiy e’tibordagi masalalar ekanligi qayd etilgan.
Uchrashuvda Samarqand shahridagi 14-umumta’lim maktabi direktori D.Saydullayeva, ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Qo‘shrabot tumani kengashi raisi A.To‘xtarov, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Samarqand shahar bo‘limi mutaxassisi M.G‘ulomova va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ko‘ppartiyaviylik va muqobillik asosida o‘tayotgani mamlakatimizda huquqiy-demokratik davlat shakllangani, saylov tizimimiz umume’tirof etilgan xalqaro normalarga to‘la javob berishidan dalolat ekanini ta’kidladi.
Jizzax viloyatidagi uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 4-Jizzax okrug saylov komissiyasining raisi A.Sattorov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili R.To‘ychiyev yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning dasturida iqtisodiyotning istiqboldagi talablaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, mutaxassislarni tayyorlashda mehnat bozori ehtiyojidan kelib chiqish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgan. Oliy o‘quv yurtlarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning fan, ishlab chiqarish va iqtisodiyot bilan hamkorligini mustahkamlash, mamlakat ta’lim tizimining mutaxassislarni maqsadli tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan va ta’limga sarmoyalar, shuningdek, yangi texnologiyalar kiritish masalasi muhim vazifa ekani belgilangan.
Uchrashuvda “Adolat” SDP Zarbdor tumani kengashi raisi O.Ochilov, Mirzacho‘l tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi bo‘lim mudiri X.Abduraimov, Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi “Sayiljoy” akademik litseyi o‘qituvchisi D.Hakimova va boshqalar Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi va unda belgilangan ustuvor vazifalar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, Prezident saylovi ko‘ppartiyaviylik hamda muqobillik asosida, demokratik tamoyillarga mos tarzda o‘tayotganini ta’kidladi.
Izoh (0)