“Sport” kanali orqali efirga uzatilgan “Futbol sharhi” ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lgan taniqli mutaxassis Islom Ahmedov terma jamoalar va klublar bosh murabbiylari haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
“Hozirgi O‘zbekiston milliy va olimpiya terma jamoalari bosh murabbiylari ahvoliga havas qilmayman. Ularda futbolchilarni jamoaga tanlab olish uchun imkoniyat keng emas. Sababi, klublarimiz bosh murabbiylari yaxshi saviyadagi futbolchilarni tarbiyalamay qo‘ydi. Terma jamoalar bosh murabbiylari 5 kun ichida yaxshi futbolchini tarbiyalay olmaydi.
O‘zPFL yordamida dekabr oyi so‘ngida Oliy liganing 16 ta klubi bosh murabbiylarini yig‘dik. Unda zamonaviy mashg‘ulot o‘tkazish borasida ma’ruza o‘qidim va amaliy mashg‘ulotlarda ko‘rsatib berdim. Buni kim tushundi, qaysi murabbiy tushunmadi, bilmadim-u, ammo jamoalarning yanvar oyidagi mashg‘ulotlariga e’tibor bersam, barchasi yana o‘sha o‘zi o‘rganib qolgan eski tizimda ishlayotgan ekan. Ularning birortasi zamonaviy asosda ishlashni istamadi. Ularning birortasi yangilikka intilmaydi. Oliy liga klublarining tayyorgarlik jarayoni achinarli ahvolda.
Bundan tashqari, Oliy liga klublarimiz atrofida turli mish-mishlar ko‘payib ketgan. Klub homiysi jamoaga pul berganidan keyin klub prezidenti va jamoa murabbiyini taklif qilib, natija talab qilish bilan birga sifatni ham talab qilishi lozim. Jamoa murabbiylari va futbolchilari zamonaviy ishlasin, o‘yinni o‘stirsin, yaxshi o‘yin ko‘rsatsin. Shunda turli mish-mishlar o‘z-o‘zidan yo‘qolib, muxlislar stadionga qaytadi. Bugungi kunda biz muxlislarni yo‘qotib qo‘ydik-ku. Bizning birinchi galdagi vazifamiz muxlislarni stadionlarga qaytarish bo‘lishi kerak. Shu bois terma jamoalar bosh murabbiylariga achinaman”, - dedi Islom Ahmedov.
Izoh (0)