Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida shaxmat bo‘yicha FIDE Gran-prisining uchinchi bosqichi start oldi. Sayyoraning eng kuchli grossmeysterlari ishtirokida o‘tayotgan nufuzli musobaqada 2004-yilgi jahon chempioni Rustam Qosimjonov ham ishtirok etmoqda, deb xabar beradi Olamsport.com.
Ushbu Gran-pri 27-fevralga qadar Courtyard by Marriott Tbilis saroyida o‘tkaziladi.
Rustam Qosimjonov musobaqani mag‘lubiyat bilan boshladi. U ilk turda oq donalarda o‘ynashiga qaramay, rossiyalik Aleksandr Grishchukka imkoniyatni boy berdi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi bosqich Boku shahrida o‘tkazilib, unda bir xilda ochko to‘plagan Fabiano Karuana (Italiya) va Boris Gelfand (Isroil) g‘olib chiqqan edi. Toshkent shahri mezbonlik qilgan ikkinchi bosqich rossiyalik Dmitriy Andreykinning g‘alabasi bilan yakunlangan edi.
Ikki bosqich yakunlariga ko‘ra, umumiy hisobda Fabiano Karuana (230 ochko) peshqadamlik qilyapti. Kuchli uchlikdan amerikalik Xikaru Nakamura (207 ochko) va Dmitriy Andreykin (190 ochko) joy olgan. Tbilisi Gran-prisining umumiy mukofot jamg‘armasi 120 ming yevroni tashkil etadi. G‘olib shaxmatchi 20 ming yevroga ega bo‘ladi.
Izoh (0)