FIFA bugun, 12-fevral kuni milliy terma jamoalarning 2015-yil fevral oyidagi reytingini e’lon qildi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Yanvar oyida Osiyo kubogi va Afrika millatlar kubogi musobaqalari o‘tkazilgani bois jadvalda ancha o‘zgarishlar bo‘lgan, ammo O‘zbekiston terma jamoasi o‘z o‘rnini o‘zgatirmadi.
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogida ikkita g‘alaba erishib, ikki marta yutqazdi. Bundan tashqari, Osiyo kubogi-2011 natijalari reytingdan to‘liq chiqib ketdi. Natijada O‘zbekiston hisobidagi ochkolar soni 29 taga oshib (493 ball), 71-o‘rinda qoldi.
Qit’a chempionati boshlanishi oldidan Osiyoning 4-jamoasi bo‘lib turgan O‘zbekiston yangi jadvalda 6-o‘ringa tushib ketdi. O‘zbekiston terma jamoasini Avstraliya (63-o‘rin, +37 ko‘tarilish) va Birlashgan Arab Amirliklari (66-o‘rin, +14) terma jamoalari quvib o‘tdi. Xitoy terma jamoasi esa 14 pog‘ona ko‘tarilib, 82-o‘ringa chiqib oldi.
Eron terma jamoasi 10 ta pog‘ona ko‘tarilib, 41-o‘rin bilan Osiyoning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turibdi. Koreya (54-o‘rin) esa Yaponiyadan (55) o‘tib ketib, Osiyo bo‘yicha 2-o‘ringa chiqib oldi.
Germaniya terma jamoasi katta farq bilan reytingni boshqarishda davom etmoqda. Umuman olganda, dastlabki yettilikda o‘zgarish bo‘lmadi: Germaniya, Argentina, Kolumbiya, Belgiya, Gollandiya, Braziliya, Portugaliya. Ispaniya terma jamoasi esa bir pog‘ona pastlab, 10-o‘ringa joylashdi.
Bu galgi reytingda eng katta o‘sishga erishgan jamoalar: Ekvatorial Gvineya (+59), Avstraliya (+37), Iroq (+20). Liviya (-35), Qatar (-17) va Togo (-13) terma jamoalari esa eng ko‘p “sho‘ng‘igan” jamoalar bo‘ldi.
Reytingning to‘liq ko‘rinishi bilan FIFAning rasmiy saytida tanishish mumkin.
Izoh (0)