O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida umumiy yurisdiksiya sudlarining 2014-yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati natijalari hamda istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan rayosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Sh. G‘oziyev boshqargan yig‘ilishda Prezident Islom Karimov rahnamoligida sud-huquq sohasini demokratik asosda yanada isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2014-yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 217 mingdan ortiq ish ko‘rib chiqilgan. 950 mingdan ortiq sud buyrug‘i chiqarilgan. Sud buyrug‘i chiqarilgan arizalar bo‘yicha 779 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ undirish belgilangan. Fuqarolik ishlarining 85,6 foizi bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan, shundan 89,2 foiz ish bo‘yicha da’vo qanoatlantirilgan.
Ayrim jinoyat turlari, xususan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bezorilik va transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.
2014-yilda yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 12 ming nafardan ortiq shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan hisobot davrida 211 milliard so‘mdan ortiq moddiy zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplagan 3,5 ming nafarga yaqin, ushbu qonun hayotga tatbiq qilinganidan buyon 624 milliard so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 29 ming nafardan ortiq shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Yig‘ilishda sudlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va sudning obro‘siga putur yetkazadigan qonunbuzilishi holatlari ham atroflicha muhokama etildi. Sudya va sud xodimlarining mas’uliyatini, kasb mahorati va malakasini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)