7-fevral kuni Toshkent shahridagi Kichik halqa yo‘lining “Farhod bozori”ga yaqin (xalq orasida “Archa ko‘cha” deb nomlanadigan) qismida BMW avtomobili yirik yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘ldi. Bu haqda Facebook’dagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolari ma’lum qilgan.
Suratlarga berilgan izohlarda aytilishicha, katta tezlikda kelayotgan BMW yo‘nalishlarni ajratib turuvchi to‘siq ustiga chiqib ketib, ikkita daraxtni sindirgan, keyin esa qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketgan hamda Captiva va boshqa bir necha mashina bilan to‘qnashgan. BMW kamida to‘rtta avtomobilga urilgani qayd etilgan. Captiva haydovchisi vafot etgani ma’lum qilingan. Ko‘pchilik uning yoshi 65 da ekanligini qayd etgan. U voqea joyida yoki 16-shifoxonada vafot etgani aytilgan.
Foydalanuvchilar ushbu yirik yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘lgan BMW haydovchisini qattiq tanqid ostiga olgan va uning muqarrar jazolanishi lozimligini ta’kidlagan. Ko‘pchilik yo‘llarga o‘rnatilayotgan kuzatuv kameralari ishga tushishi bilan bunday holatlar kamayishiga umid bildirgan.
Hodisa yuzasidan rasmiy ma’lumot berilmagan.
Izoh (0)