2-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada Novoapostol cherkovining Berlin-Brandenburg okrugi rahbari Volfgang Nadolni bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mehmonni qo‘mita raisi O.Yusupov qabul qildi. Bu haqda qo‘mitaning rasmiy saytida xabar berildi.
O. Yusupov mehmonni O‘zbekistonda yana bir bor qabul qilishdan mamnun ekanligini ma’lum qilib, unga oxirgi uchrashuvdan so‘ng o‘tgan vaqt ichida diniy sohada bo‘lib o‘tgan yangiliklar xususida qisqacha so‘zlab berdi.
V. Nadolni o‘zining O‘zbekistonga har bir tashrifi davomida yangi-yangi o‘zgarishlarning guvohi bo‘layotganligini ta’kidlab, O‘zbekistondagi dindoshlarining o‘z ibodatlarini emin-erkin amalga oshirish imkoniga ega ekanligidan quvonganini aytib o‘tdi.
Shuningdek, V. Nadolni Respublikaga olib kirilgan adabiyotlar orasida novoapostol cherkovining asosiy manbalaridan bo‘lgan “Katexizis” kitobidan dindoshlari foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lganligi haqiqatdan ham O‘zbekistonda diniy sohada yaratib berilgan erkinliklarning yorqin misoli ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
O. Yusupov mehmonga O‘zbekistonda diniy sohada, xususan, dinlararo totuvlik yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil so‘z yuritilgan o‘zbek, rus va ingliz tillarida “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” nomli maxsus tayyorlangan kitobni sovg‘a qildi.
O‘z navbatida V. Nadolni dindorlarga yaratilayotgan sharoit, erkinliklar hamda ko‘rsatilayotgan har tomonlama yordam uchun O‘zbekiston hukumatiga minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.
Izoh (0)