Samarqanddagi kollejda o‘qiydigan qiz bilan tanishib qolgan yigit qizning tanishlari orqali uning surati va telefon raqamini olgan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
So‘ngra yigit qizga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilib, unga uylanmoqchi ekanligini qizning onasiga aytgan. Bundan xabar topgan qizning onasi yigitni sovchi jo‘natishga chaqirgan. Yigit va’da berib, keyin uni bajarish o‘rniga, o‘zi qizning uyiga borgan, biroq qizning onasidan rad javobini eshitgan.
Yigit ayolga qizini unga bermasa, qizning suratini behayo qizlardek internetga chiqarib yuborishini aytib tahdid qilgan. Ertasiga uchrashishganda yigit ayolga qizining qayta ishlangan suratlarini ko‘rsatib, ularni internetga tarqatib yubormaslik uchun 500 dollar so‘ragan.
Bu yigitdan yaxshilik chiqmasligini tushungan ayol ariza bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan. Ertasi kuni tezkor xodimlar yigitni 500 AQSh dollarini olayotgan paytda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi. Jinoyat ishini ko‘rib chiqqan sud yigitga 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Izoh (0)