O‘zbekistonda korporativ boshqaruv tizimidagi eskicha ma’muriy-buyruqbozlik usulidan voz kechiladi. Bu haqda 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturida ma’lum qilingan. Dastur “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Dasturda aytilishicha, joriy yil 16-yanvarda o‘tkazilgan 2014-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tomonidan 2015-yilda va keyingi yillarda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirishning strategik vazifalari belgilab berildi.
Korporativ boshqaruv tizimidagi tamoyil va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha eng muhim ustuvor yo‘nalishni amalga oshirish maqsadida mulk tarkibida davlat ulushi bo‘lgan 1100 tadan ortiq aksiyadorlik kompaniyasi va boshqa xo‘jalik birlashmalari faoliyatining samaradorligini tanqidiy ko‘rib chiqish hamda bu sohada Yaponiya, Janubiy Koreya, Germaniya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanilayotgan menejment tizimlari asosida yangi uslub va yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish mo‘ljallanmoqda.
Korporativ boshqaruv tizimida tamoyillar va yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlari dasturini tayyorlash doirasida davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik kompaniyalarining yangi namunaviy tashkiliy tuzilmasi va ularning xodimlariga qo‘yiladigan talablar tasdiqlanadi hamda vazifalari belgilanadi.
Bundan asosiy maqsad – boshqaruv xodimlari va mutaxassislar lavozimlari nomi va funksional vazifalarini o‘zgartiribgina qolmay, balki ularning faoliyat ko‘rsatish tamoyillarini tubdan o‘zgartirishdan iboratdir. Bu esa, o‘z navbatida, rivojlanish uchun o‘zaro hamkorlik va tashabbuskorlikka yangi turtki beradi.
Navbatdagi muhim vazifa – bugungi kunda aksariyat hollarda eskicha ma’muriy-buyruqbozlik usulida korxonani boshqarayotgan samarasiz direktorlik korpusidan batamom xalos bo‘lish. Bundan maqsad – korxonalarni bozor iqtisodiyotini chuqur biladigan va yuksak professional malakali yangi menejerlar boshqarishiga erishishdir, deyiladi Harakat dasturida.
Izoh (0)