Bugun, 21-yanvar kuni Melburn shahrida Osiyo Kubogi chorak finalidan o‘rin olgan Janubiy Koreya hamda O‘zbekiston terma jamoalari o‘yinidan oldingi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Stadion.uz”.
Matbuot anjumanining birinchi qismida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov hamda terma jamoa hujumchisi Bahodir Nasimov ishtirok etdi.
Terma jamoa bosh murabbiyi matbuot anjumani avvalida ushbu bosqichda kuchsiz jamoa bo‘lmasligini va raqibni qit’aning eng kuchli terma jamoalaridan biri ekanligini ta’kidladi.
“Guruh bahslari ortda qoldi va buyog‘iga har bir bahs finaldek o‘tadi. Mag‘lub jamoa esa uyiga ketadi. Bu bosqichda kuchsiz jamoa bo‘lmaydi. Janubiy Koreya terma jamoasi ham qit’amizning eng kuchli jamoalaridan biridir. Ertaga ham avvalgi o‘yindagi kabi Melburndagi stadionda o‘ynaymiz. Shu boisdan o‘zimizni mezbondek his qilmoqdamiz”, — dedi Qosimov.
“Ertaga bo‘lib o‘tadigan o‘yinda hech qanday futbolchini rejadan chiqarib yuborganimiz yo‘q. Barcha futbolchilar mashg‘ulotlarda ter to‘kib ishlamoqda. Bugungi mashg‘ulotlardan so‘ng tarkib borasida aniq qarorga kelamiz”, — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi.
“Ertaga bo‘lib o‘tadigan o‘yin muhimligini his qilmoqdamiz. Bosimni yenga olishimiz kerak va shunda barchasi yaxshi bo‘lishi mumkin. Janubiy Koreya kuchli terma jamoa ekanini bilamiz. Agar avvalgi o‘yin kabi harakat qila olsak, o‘yin biz istagandek kechishi mumkin”.
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi, shuningdek, raqib futbolchilarining kuchli jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
“Raqib safida tezkor futbolchilar ko‘p. Ular ikki-uch nafar futbolchi bilan tezkor hujum uyushtira oladi, shuningdek, koreyalik hujumchilar to‘pni oldingi chiziqlarda ushlab, uni o‘z jarima maydonidan uzoqlashtirib tura oladi. Avstraliyaga qarshi o‘yinda ularning darvozaboni yaxshi harakat qildi. Koreyalik himoyachilar ham yaxshi o‘yin ko‘rsata oladi”.
“Tarkibimizdagi yosh futbolchilarda bosim bo‘lishi mumkin. Buni oldini olishga harakat qilamiz. Qolaversa, tarkibda o‘zgarishlar bo‘lishi ham mumkin”, — dedi Qosimov.
Izoh (0)