O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy Komil Fatkullin sovrini uchun tashkil etilgan III xalqaro turnir yuqori saviyada o‘tdi, deb xabar beradi “Olamsport.com”.
Musobaqani uyushtirishda Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hamda sport kurashlari federatsiyasi bilan birgalikda Ahmadjon Alimov, Sunnatillo Yo‘ldoshev singari sport fidoyilari haqiqiy jonbozlik ko‘rsatdi.
Umuman olganda, turnir tashkilotchilari ko‘zlagan maqsadlariga erishdi, ya’ni Respublikaning barcha hududlaridan, shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston va Tojikiston davlatlaridan kelgan sportchi va murabbiylarga ajoyib sport bayrami taqdim etildi.
Gilamdagi sportchilar harakatini, asosan, xalqaro toifadagi hakamlardan iborat mutaxassislar guruhi nazorat qilib borgani barcha uchrashuvlarning haqqoniy yakun topishini ta’minladi.
Shu tariqa 10 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Shohsupaga ko‘tarilgan yosh polvonlarning barchasiga diplom va medallardan tashqari, esdalik sovg‘alari hamda pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, musobaqaning eng yaxshi hakami sifatida Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Olim Allanazarov e’tirof etildi.
O‘nta vazndan teng yarmi, ya’ni 5 ta vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji jamoasi eng kuchli jamoa deb e’lon qilindi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy, mamlakat yoshlar va o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Olim Qurbonovning shogirdlari butun musobaqa davomida yaqqol ustunlikka ega bo‘ldi.
Izoh (0)