Samarqand viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro og‘ir kasal bo‘lib, yotib qoldi. Uzoq davolanganiga qaramay, ishga chiqolmasligini bilgach, ukasidan hujjatlarini tibbiy mehnat ekspert komissiyasiga topshirib kelishini iltimos qildi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar beradi.
Payariq tuman markaziy poliklinikasi tibbiy mehnat ekspert komissiyasi raisi hujjatlarni qabul qilib olgach, fuqaroga I guruh nogironligi bir yil muddatga berildi. Ammo o‘tgan bir yil mobaynida uning sog‘lig‘i yaxshilanmadi. Shundan so‘ng, fuqaroning qizi otasini yana bir bor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, nogironlik muddatini uzaytirish niyatida komissiya raisiga uchrashdi. Rais esa mazkur muddatni ikki yilga uzaytirish uchun 800 ming so‘m pul so‘radi.
Bemorning ukasi avvaliga aytilgan pulning yarmini olib borib berdi. Biroq jahli chiqqan rais bemorning qiziga qo‘ng‘iroq qilib, pulning qolganini olganidan so‘nggina hujjatlarni olib ketish mumkinligini aytdi. Bemorning qizi va ukasi raisning tamagirligidan achchiqlanib, bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar qildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida tamagir rais bemorning ukasidan qolgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi. Sud tomonidan rais aybiga yarasha besh yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Izoh (0)