16-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisda ma’ruza qilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratdi:
O‘tgan yil yakunlarini sarhisob qilar ekanmiz, birinchi navbatda, iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish borasida barqaror yuqori o‘sish sur’atlariga erishganimizni ta’kidlash joiz.Mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 8,1 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi 6,9 foiz, kapital qurilish 10,9 foiz, chakana savdo aylanmasi hajmi 14,3 foizga oshdi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning qariyb 70 foizini yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan tayyor tovarlar tashkil etdi.
Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 2014-yilda 9,4 foiz, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 8,7 foiz, nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 10 foizga o‘sdi. Inflatsiya darajasi yil yakunlari bo‘yicha 6,1 foizni tashkil etdi. Bu prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan sezilarli darajada pastdir.
O‘tgan yili soliq yuki 20,5 foizdan 20 foizga, daromad solig‘i stavkasi esa 9 foizdan 8 foizga kamaytirilgan bo‘lsa-da, davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz profitsit bilan bajarildi.
Izoh (0)