2015-yil 15-yanvar kuni “Poytaxt” biznes markazida Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi hamda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasining 2014-yilgi faoliyati yakuniga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilish bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Popcorn.uz”.
Mazkur tadbirda Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi a’zolari, Birlashma xodimlari, ustoz san’atkorlar, yosh xonandalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtrok etishdi.
Yig‘ilishda o‘tgan yil davomida davlat va jamoatchilik tadbirlarida, xususan, paxta yig‘im-terimi mavsumida joylarda uyushtirilgan konsertlarda faol qatnashgan xonandalar maxsus diplomlar bilan taqdirlandilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan mas’ul xodimlar konsert dasturlari jonli ijroda o‘tishiga katta e’tibor qaratish lozimligi, bu borada yo‘lga qo‘yilayotgan ishlar haqida aytib o‘tishdi.
Tadbir davomida estradada ijod qilayotgan xonandalardan, Shahzoda, Lola, Shohruhxon, Samandar Hamroqulov, “Bojalar” guruhi, “Surxon” guruhi, Azim Mullaxonov, Manzura, Oybek va Nigora, Alisher Fayz, Ulug‘bek Rahmatullayev, Sobirjon Mo‘minov va bir qator boshqa san’atkorlar, “Tarona Records” kompaniyasi rahbari, prodyuser Sarvar Rahmatullayev, bastakor Shuhrat Zakirov, shoirlardan Sirojiddin Said, Farida Afro‘z, shuningdek, san’atimiz rivojiga uzoq yillar munosib hissa qo‘shgan yoshi ulug‘ san’atkorlar, kompozitorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Yig‘ilish davomida bu yil o‘ninchi bor o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” festivali va unga ketayotgan tayyorgarlik ishlari haqida so‘z bordi. O‘tgan yillarda 62 davlatdan san’atkorlar qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi festivalga 98 ta mamlakatdan ishtrok etish istagi bildirilgani ma’lum qilindi. Bu borada yana ijodiy suhbatlar o‘tkazilishi va ommaviy axborot vositalari xodimlariga xabar berilishi alohida aytib o‘tildi.
Izoh (0)