Namangan viloyatidagi harbiy qismlar, tashkilot, muassasa va o‘quv yurtlarida viloyat hokimligi va mudofaa ishlari boshqarmasi hamkorligida Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Prezident Islom Karimovning 2014-yil 9-dekabrda qabul qilingan Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi farmoyishi asosida tashkil etilayotgan tadbirlardan biri Namangan muhandislik-pedagogika institutida bo‘lib o‘tdi. Videomuloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan namanganlik va Namanganda sharafli burchini ado etayotgan qoraqalpog‘istonlik harbiy xizmatchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Prezidentimiz, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston mudofaa qudratini yanada mustahkamlash, xalqning tinch va osoyishta hayotini, sarhadlar daxlsizligini ta’minlash maqsadida Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara berayotgani alohida ta’kidlandi.
Videomuloqotda ota-onalar va yigitlik burchini o‘tayotgan yigitlar samimiy, faxr-iftixorga to‘la dil so‘zlarini bildirdi. Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Izoh (0)