O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi 22 ta saylov okrugida takroriy ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Bu haqda 2014-yilgi saylovlarni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi xabar berdi.
Ma’lumki, 2014-yilning 21-dekabrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov bo‘lib o‘tdi. Okrug saylov komissiyalarining tegishli saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi va 135 ta saylov okrugidan 22 tasida deputatlikka nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur miqdorda ovoz to‘play olmagani aniqlandi.
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 45-moddasiga ko‘ra, agar saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka ikki nafardan ortiq nomzod qo‘yilgan bo‘lsa-yu, ulardan birortasi ham saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko‘p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo‘yicha okrugda takroriy ovoz berishni o‘tkaziladi.
Takroriy ovoz berish ham asosiy saylovda bo‘lgani kabi ochiq va oshkora tarzda, milliy saylov qonunchiligining barcha me’yorlariga rioya qilingan holda o‘tkazilmoqda.
Takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga ko‘ra nisbatan ko‘proq olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, bugun mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga deputatlar saylovini o‘tkazuvchi 480 ta saylov okrugida ham takroriy ovoz berish davom etmoqda.
Izoh (0)