29-dekabr, dushanba kuni “Versal” restoranida “Paxtakor” jamoasiga O‘zbekiston chempionati oltin medallari topshirish marosimi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Stadion.uz”.
10-bor chempionlikka erishgan “sherlar” yangi yil bayrami arafasida PFL tomonidan taqdirlanishdi. Kechani ochib bergan O‘FF va MOQ Prezidenti Mirabror Usmonov o‘z nutqida “Paxtakor” yosh futbolchilar bilan shunday yutuqqa erishganini alohida ta’kidlab o‘tdi. Jamoa tarbiyalanuvchilari terma jamoalarga munosib yordam berib kelayotganini aytib, kelasi mavsumda ham jamoaga omad tiladi.
Shundan keyin sahnaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Adham Ikromov, O‘FF birinchi vitse-prezidenti Sardor Rahmatullayev va PFL direktori Farhod Magometov ham chiqib, Usmonov bilan birgalikda oltin medallarni jamoa a’zolariga taqdim etishdi. Oltin medallarga ega chiqqan futbolchilar bilan tanishing:
Aleksandr Lobanov, Nikita Ribkin, Aleksandr Merzlyakov, Yegor Krimets, Kamoliddin Tojiyev, Boyan Miladinovich, Davron Hoshimov, Muhsin Ubaydullayev, Vladimir Kozak, Akbar Ismatullayev, Kaxi Maxaradze, Stanislav Andreyev, Jamshid Iskanderov, Sherzod Karimov, Jaloliddin Masharipov, Oybek Qilichev, Jamshid Boltaboyev, Javohir Sohibov, Anvar Soliyev, Bahodir Pardayev, Igor Sergeyev.
Shuningdek, murabbiylar shtabi va klub rahbariyati ham medallar bilan taqdirlandi. PFL tomonidan chempion jamoaga atalgan 500 million so‘mlik chek ham topshirildi.
Keyin so‘zga chiqqan “Paxtakor” menejeri Samvel Babayan qo‘lga kiritilgan chempionlikda klub tizimida mehnat qilayotgan barchaning katta hissasi borligini e’tirof etdi. U barchaga minnatdorchilik bildirgan holda 2015-yilda ham jamoa sovrinlarni qo‘lga kiritishga urinishini ta’kidladi.
Kechada FIFA Prezidenti Zepp Blatterning “Paxtakor” 10-marta O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritgani munosabati bilan yo‘llagan tabrik xati o‘qib eshittirildi. Unda janob Blatter jamoamizning mamlakat futbolida tutgan muhim o‘rni haqida e’tirof etib, navbatdagi chempionlik bilan tabriklab qolishi bayon etilgan.
Klub tomonidan homiylar, hamkorlar va OAVga tashakkurnomalar topshirildi. Muxlislar klubi esa Igor Sergeyevga eng yaxshi to‘purar, Yegor Krimetsga eng yaxshi futbolchi, Samvel Babayanga klub oldidagi fidokorona mehnatlari uchun sovrinlarini topshirdi. “Interfutbol” gazetasi ham “Paxtakor” menejeriga O‘zbekiston chempionatining eng yaxshi murabbiyi, Jamshid Iskanderovga eng yaxshi futbolchisiga atalgan mukofotini taqdim etdi.
Ko‘ngilochar marosimda Lola, Umidaxon va “Zamon” guruhi qo‘shiqlari bilan yig‘ilganlarni xursand etishdi.
Izoh (0)