27—28-dekabr kunlari O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi 33-sonli yoshlar sport maktabida suzish bo‘yicha Paralimpiya kubogi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi matbuot kotibi Sa’dulla Lutfulla xabar berdi.
Tanlovda respublikaning barcha viloyatlaridan kelgan 100 dan ziyod sportchi ishtirok etdi. Musobaqalar suzishning eng keng tarqalgan turi — to‘lqinli suzish, shuningdek, 25, 50 va 100 metr masofalarga “batterflay” usulida suzish bo‘yicha o‘tkazildi.
Mazkur musobaqalarda amputantlar bilan bir qatorda, miyaning falajlik holati va poliomiyelit bilan og‘riganlar, ko‘zi ojiz va yaxshi ko‘ra olmaydiganlar ham qatnashdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, musobaqada Toshkent vakillari eng yaxshi natijalarni qayd etib, jami 35 ta medalga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Xorazm sportchilari egallab, jami 9 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Samarqanddan kelgan sportchilar 5 medal bilan uchinchi pog‘onani band etdi. Shu tariqa, Paralimpiya kubogi Toshkent sportchilariga nasib etdi.
Izoh (0)