Samarqandda Yangi yil bayrami munosabati bilan an’anaviy “Samarqand shirinliklari” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Milliy qadriyatlarni yanada rivojlantirish, o‘zbek xalqiga xos mehmonnavozlik an’analarini davom ettirish, aholi bayram dasturxoni to‘kin-sochinligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan vakillar, shirinlik ishlab chiqarish korxonalari o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi.
Tanlovda ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan bayram tortlari, tantanali marosimlar uchun pishiriqlar, meva va shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan sharbatlar, murabbo va shinnilar, turshak, mayiz, asal mahsulotlari namoyish etildi. Har bir mahsulotning tayyorlanish usuli va shifobaxshligi kabi muhim jihatlari haqida ma’lumot berildi.
“Yoz va kuz mavsumida deyarli barcha xonadonlarda turli mevalar, poliz va sabzavot mahsulotlaridan murabbo va sharbatlar tayyorlash xalqimizga xos odat, — dedi Samarqand tumanida yashovchi Akmal Ismatov. — Ayni paytda ona zaminimizda o‘sadigan turli o‘simlik va giyohlardan ayrim kasalliklarning oldini olish va uni davolashda qo‘l keladigan sharbatlar, damlamalar ham tayyorlanadi. Mazkur tanlovga o‘n turdan ziyod ana shunday sharbatlar keltirdik. Mutaxassislar va tanlov qatnashchilari sharbatlarimizga yuqori baho berdi”.
Ko‘rik-tanlovda olti yo‘nalish bo‘yicha g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.
Tadbir doirasida namoyish etilgan mahsulotlarning savdo yarmarkasi o‘tkazildi.
Izoh (0)