Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida Abituriyentlarning hujjatlar to‘plamini qaytarib olish uchun elektron ariza berish yangi interaktiv xizmati joriy etildi, deb xabar beradi “Index.uz”.
Abituriyentlar portalda belgilangan ma’lum qonun-qoidalar asosida topshirilgan hujjatlarini pochtadan qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ushbu xizmatdan foydalanish uchun abituriyent kvitansiya blankasini yuklab olib, uni to‘ldirgan holda bank bo‘linmasi yoki aholidan to‘lov qabul qiladigan kassaga taqdim etishi va eng kam ish haqining 15 foiz miqdoridagi to‘lovni amalga oshirishi kerak. Ushbu to‘lov oliy ta’lim muassasasi, pochta xizmati va sug‘urta xizmatlarini qoplash uchun undiriladi.
Hujjatlar to‘plami pochta bo‘limi tomonidan abituriyentga yo‘llangan vaqtdan boshlab 3 kun ichida arizachi kabinetiga shtrix kod yuboriladi. Ushbu shtrix kodni “Ro‘yxatga olinadigan pochta jo‘natmalarini qidirish” xizmatiga kiritish orqali pochta yo‘llanmasining holati va turgan joyini aniqlash mumkin.
Pochta yo‘llanmasi arizachi ko‘rsatgan manzil bo‘yicha eng yaqin pochta bo‘limiga 7 kun ichida yetkazib beriladi. Arizachiga pochta yo‘llanmasi yetib kelganligi to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi. Xabarnoma telefon orqali ham yetkazilishi mumkin.
Oliy ta’lim muassasasi tomonidan jo‘natilgan hujjatlar pochta bo‘limiga yetib borgach, arizachi pochta yo‘llanmasini 30 kun davomida olib ketishi kerak, aks holda, hujjatlar to‘plami jo‘natuvchiga qaytariladi. Qaytarilgan hujjatlarni takroran jo‘natish uchun murojaat qilingan holda arizachidan qaytarish va takroran jo‘natish bilan bog‘liq to‘lov undiriladi.
Izoh (0)