2015-yilda O‘zbekistonda barcha yirik aholi punktlari va 90 foiz aholini raqamli televideniye bilan qamrab olishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasiga asoslanib “Infocom.uz” nashri ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Today.
O‘zbekiston Respublikasida raqamli teleko‘rsatuvlarga texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi doirasida raqamli televizion ko‘rsatuvlarni kengaytirish ikki bosqichda amalga oshiriladi: birinchisi 2015−2016-yillarda, ikkinchisi 2016−2017-yillarda. Birinchi bosqich oxirida 84 ta uzatgich o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu yuqoridagi ko‘rsatkichga erishish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, hozirda O‘zbekiston aholisining 54 foizi raqamli televideniye bilan qamrab olingan: Toshkent shahri, shuningdek Samarqand, Xorazm, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining aksariyat tumanlari aholisi bunday imkoniyatdan foydalanmoqda.
Izoh (0)