22-dekabr kuni Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining katta majlislar zalida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tgan saylovda partiyaning ishtiroki hamda uning natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Matbuot anjumanida partiya Siyosiy Kengashi raisi Narimon Umarov tomonidan e’tirof etilganidek, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida so‘nggi yillarda milliy saylov qonunchiligimizga kiritilgan yangilanishlar natijasida bu yilgi saylovlar yangicha ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda tashkil etildi.
Xalqimiz o‘z konstitutsion huquqlaridan foydalangan holda saylovlarda faol ishtirok etishdi. Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra saylovlarda saylovchilarning 89 foizi ishtirok etishdi.
Ushbu muhim tadbir siyosiy partiyalarni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Barcha siyosiy partiyalar singari O‘zbekiston “Adolat” SDP ham saylov kampaniyasida davrida televideniye hamda radiodagi chiqishlarda, gazeta va jurnallarda chop etilayotgan maqolalarda o‘zining ustuvor g‘oya hamda qarashlarini ochiq, oshkora, erkin, hech qanday cheklovlarsiz va teng sharoitlarda saylovoldi tashviqotini olib bordi. Ya’ni, saylov kampaniyasi milliy hamda xalqaro qonunchilik me’yorlari va talablariga to‘liq rioya etilgan holda olib borildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda joylardagi hududiy saylov komissiyalari tomonidan siyosiy partiyalarning saylovlarda ishtirok etishi bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalar yuqori saviyada yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari ham ushbu muhim siyosiy tadbirda aholining, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlashga, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga katta hissa qo‘shdilar.
O‘z navbatida bu yilgi saylovlarda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi kurash, o‘zaro raqobat juda yuqori bo‘lganligi qayd etildi.
O‘zbekiston “Adolat” SDP saylov kampaniyasiga kirar ekan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga jami 5924 nafar nomzod ko‘rsatildi. Partiya va uning deputatlikka nomzodlari yaratilgan barcha imkoniyatdan samarali foydalangan holda, saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga, saylovlarda ularning ovozini olishga qaratilgan faol saylovoldi tashviqotini amalga oshirdi.
Ammo shunga qaramay saylov natijalari partiya uchun qoniqarli bo‘lmaganligi qayd etildi. Saylovning dastlabgi bosqichi yakunlariga ko‘ra partiyadan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlardan atigi 17 nafari muvaffaqiyatli o‘tganligi ma’lum qilindi.
Partiya Siyosiy Kengashi rahbari qayd etganidek, ushbu natija partiya saylovoldi shtabining faoliyati yaxshi tashkillashtirilmagani, saylovoldi tashviqotini olib borishning zamonaviy usullari va texnologiyalaridan foydalana olmagani partiya elektorati bo‘lgan ilm-fan, tibbiyot sohasi vakillarining salohiyatidan yetarli foydalanmaganligi yaqqol bilinib turibdi.
Alohida ta’kidlanganidek, partiya va uning nomzodlari tomonidan ba’zi partiyalarga o‘xshab saylovoldi tashviqoti davomida umuman o‘rnatilgan tartib qoidalar buzilmadi. Partiyaning oldinda yana imkoniyati ozgina bor. Ya’ni, 4 yanvar kuni bo‘ladigan takroriy ovoz berishda partiya bor kuchini safarbar qiladi. Chunki har bir deputatlik o‘rni partiya uchun juda muhim.
Anjumanda so‘z olgan partiya faollari saylov natijalari partiya imkoniyatlarini chegaralamasligini, partiya Oliy Majlis Qonunchilik palatasida erishgan o‘rinlaridan hamda mahalliy kengashlarga saylangan deputatlik korpusi imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda partiyaning “Adolat — hayotimizning bosh mezoni, Adolat — har bir inson uchun” degan bosh g‘oyasini amalga oshirishga harakat qilishini ta’kidlashdi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar O‘zbekiston “Adolat” SDPning saylovlardagi ishtirokiga oid savollariga partiya faollaridan javob oldilar.
Izoh (0)