Pirotexnika vositalarining respublika hududiga noqonuniy ravishda kirib kelishi va aylanishini oldini olish, shuningdek, ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazilishida xavfsizlikni ta’minlash borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan bojxona organlari tomonidan muayyan va maqsadli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Olib borilayotgan chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona xodimlari tomonidan pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq 77 ta qonunbuzarlik holati aniqlanib, salkam 416 ming donadan ortiq pirotexnika vositalarining noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldi olindi.
Jumladan, Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari muqaddam noqonuniy yo‘llar bilan kichik turkumlarda olib kelinib, jamlangan yirik miqdordagi pirotexnika buyumlarining yashirin ravishda saqlanayotganini fosh qildi.
Dastlab samarqandlik fuqaro boshqaruvidagi Matiz avtomashinasi o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirilganda, unda hamshahari tomonidan 6 dona pirotexnika vositalari noqonuniy ravishda olib ketilayotganligi aniqlandi.
Mazkur huquqbuzarlikni ildizi bilan bartaraf etish maqsadida tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu pirotexnika vositalarini sotgan yana bir fuqaroning xonadoni uchastka noziri va xolislar ishtirokida amaldagi tartiblarga muvofiq ko‘zdan kechirilganda, xonadon yerto‘lasidagi polietilen qoplar va qog‘oz qutilarda 11 turdagi salkam 89 ming dona pirotexnika vositalari yashirincha saqlanayotganligi fosh qilindi. Aniqlanishicha, mazkur pirotexnika vositalarining og‘irligi 770 kilogrammdan, qiymati esa 37 million so‘mdan ortar ekan.
Izoh (0)