16-dekabr kuni “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazida BMTning Elektron hukumat yo‘nalishi bo‘yicha vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda markaz matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rossiya va Belorussiya vakillari “Elektron hukumat” mavzusi yo‘nalishida markaz xodimlari uchun taqdimot o’tkazishib, mamlakatimizda bu tizimni rivojlanishi yuzasidagi ishlar xususida o‘z mulohazalarini bildirdi, amaliy takliflar berdi.
Ushbu mamlakat ekspertlari O‘zbekistonda “Elektron hukumat” tizimining o‘sish sur’atining ortib borayotganligi ancha sezilayotganligini aytib o‘tdilar. Rossiya Federatsiyasi Oliy iqtisodiyot maktabining ekspert-tahlil ishlari Bo‘linmasi tahlilchisi Ruslan Artamonov o‘z nutqida, “O‘zbekistonning Elektron hukumat tizimi jadal sur’atlar bilan o‘smoqda. Davlat tomonidan taklif etilayotgan xizmatlar, nafaqat oddiy fuqarolar va davlat, balki ishbilarmon doiralar o‘rtasida ham hujjat almashinuviga katta e’tibor qaratilmoqda”,− deb alohida ta’kidladi. U Open-Data nima ekanligini tushuntirib, O’zbekistonning bu borada o‘z yo‘li mavjud ekanligini, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yaqin aloqalarni hisobga olgan holda Rossiya tajribasi eng muqobil va foydali bo‘lishi mumkinligi, O‘zbekistonda axborotning ochiqligi mamlakat iqtisodiyotining o‘sishiga samarali ta’sir o‘tkazishini aytdi.
Ikkinchi bo‘lib UNDESA eksperti, Sankt-Peterburg shahridagi ITMO universitetining notig‘i Yuriy Misnikov (PhD) “Interaktiv elektron xizmatlarni biznes jarayonidagi reinjiniringini oshirish va raqamlashtirish. BMTning xalqaro reytingidagi o‘rnini oshirish” mavzusida so‘zga chiqdi.
“Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining direktori Sherzod Habibullayev bilan bo‘lgan davra suhbatida, “Hukumatingiz tomonidan Elektron hukumatni qanday yo‘l bilan rivojlantirish xususida puxta reja ishlab chiqilgan. Aminmanki, O‘zbekiston hukumati o‘z oldiga qo‘ygan rejani aniq va puxta amalga oshiradi”, – deb ta’kidladi.
Xalqaro ekspertlarning chiqishlaridan so‘ng tadbir “Davlat tashkilotlarining faoliyatida funksional va operatsion jarayonlarni qaytadan tizimli tashkil etish” mavzusidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlik va Davlat tashkilotlarining mutaxassislari ishtirokidagi ishchi-amaliy seminar tarzida davom etdi.
Seminarda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazining BPR guruhi mutaxassislari o‘z taqdimotlarini namoyish qilishdi. Bunda Bosh mutaxassis Ikromjon Nasrullayev “Davlat va xo’jalik boshqaruv tashkilotlarining ma’muriy va operatsion jarayonlarini reinjiniring qilish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” yaratish jarayoni, mutaxassis Munis Husanova “Yagona oprtalda mavjud davlat xizmatlari, kelgusidagi vazifalar va ularni amalga oshirish. Natijalar tahlili”, Bosh mutaxassis Qobiljon G‘oyipov “Elektron hukumat: Davlat tashkilotlarining reinjiniring ma’muriy jarayonining analitik tahlili”, Bosh mutaxassis Nazokat G‘afurova “Davlat tashkilotlari tomonidan ko’rsatiladigan xizmatlar yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish xususida” mavzusida ma’ruza qilishdi. Ma’ruza so‘nggida tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan taqdimot qatnashchilariga murojaat qilishdi.
Izoh (0)