Toshkent shahrining Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro yosh oilalarga beriladigan ipoteka kreditini olish uchun bankka murojaat qilganida, uning nomiga kredit avvalroq rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Na postu” gazetasiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro bankka murojaat qilganida, bank xodimi “uning nomiga bankda 100 million so‘mlik hisobraqam ochilgani va hozirgi vaqtda mablag‘ni o‘tkazib berish bo‘yicha bank operatsiyalari amalga oshirilayotganini” ma’lum qilgan.
“Hayron qolgan ‘millioner’ ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilgan. Tez orada ushbu firibgarlik Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 1980-yilda tug‘ilgan boshqa bir fuqaro tomonidan amalga oshirilgani aniqlandi”, — deyiladi gazeta xabarida.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)