YuNISEF tashkiloti 2014-yilni bolalar uchun dahshat, qo‘rquv va noumidlik yili bo‘lganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda UzDaily.
Qayd etilishicha, dunyodagi mojarolarning yomonlashuvi bolalarning ahvolini yanada og‘irlashtirgan. YuNISEF ijrochi direktori Entoni Leykning so‘zlariga ko‘ra, bu bolalar uchun vayronkor yil bo‘ldi: bolalar maktabda o‘qiyotganda va to‘shakda uxlayotganda o‘ldirib ketildi, ular yetimlarga aylandi, o‘g‘irlab ketildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda 230 million bola qurolli mojarolardan aziyat chekayotgan hududlarda yashaydi. Markaziy Afrika Respublikasi, Iroq, Janubiy Sudan, Falastin, Suriya va Ukrainadagi mojarolar oqibatida ko‘plab bolalar o‘z uylarini tashlab qochqinga aylandi. Shuningdek, Afg‘oniston, Kongo Demokratik Respublikasi, Nigeriya, Pokiston, Somali, Sudan va Yamanda davom etayotgan mojarolar ham bu yerlardagi bolalarga aziyat yetkazmoqda.
Markaziy Afrika Respublikasidagi mojarodan 2,3 milliondan ortiq bola zaiyat chekkan bo‘lib, 10 mingga yaqin bolani jangari guruhlar o‘ziga og‘dirib olgan, 430 dan ortiq bola o‘ldirilgan. G‘azo sektoridagi 50 kunlik bombardimonda 54 ming bola qon quyilishiga muhtoj bo‘lib qolgan, 538 bola nobud bo‘lgan, 3370 bola jarohat olgan. 7,3 million bolaga aziyat yetkazgan Suriyadagi mojaro natijasida 1,7 million bola qochqinga aylangan, 105 nafar bola halok bo‘lib, 300 ga yaqini jarohat olgan. Iroqdagi mojarodan 2,7 million bola aziyat chekkan. Janubiy Sudanda besh yoshgacha bo‘lgan 235 ming bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda.
Ulkan qiyinchiliklarga qaramay, gumanitar tashkilotlar bunday hududlardagi bolalarga yordam ko‘rsatishga harakat qilayotgani e’tirof etilgan.
Izoh (0)