Toshkentda kanalizatsiya quvurlari orqali harakat qilib, o‘ndan ortiq uyda o‘g‘rilik qilgan jinoyatchi qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda “Podrobno.uz”.
Mirobod tumanida santexnik bo‘lib ishlagan jinoyatchi nafaqat ko‘pqavatli uylarning kanalizatsiya quvurlari joylashuvidan, balki xonadonlar sohiblarining moddiy ahvolidan ham xabardor bo‘lgan. Kichik bo‘yli va ozg‘in erkak bino yerto‘lasi yoki tomidan quvurga osonlik bilan tushib, uylarga ham osonlik bilan kirib olgan.
U har safar uylardan pullar, zargarlik buyumlari, noutbuk, fotoapparat, mobil telefon kabi kichik elektronika vositalarini o‘margan, ba’zida esa teridan ishlangan kiyimlar, brend firmalar oyoq kiyimlari, qimmat sport kiyimlarini ham o‘g‘irlab ketgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillarining so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi “toza” ishlagan: barmoq izlari qoldirmagan, ovoz chiqarmasdan ishlagan, asosiysi uni santexnik sifatida taniydigan qo‘shnilari orasida shubha uyg‘otmagan. O‘g‘ri navbatdagi jinoyat vaqtida, kanalizatsiya quvuridan tomga chiqqan vaqtda dalil bilan qo‘lga olingan. Ushbu ish yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.
Izoh (0)