O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 22 yilligi munosabati bilan “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi hamda Toshkent shahar Adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shu kunlarda respublika bo‘ylab “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — mamlakat taraqqiyoti va jamiyat farovonligining huquqiy kafolati” mavzusida targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda. Mazkur davra suhbati ham ushbu targ‘ibot oyligi doirasida tashkil qilingan bo‘lib, unda “Toshkent-Aero” IBK shaxsiy tarkibi, jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni “Toshkent-Aero” IBK boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari M. Mirabidov ochib berdi.
Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Ikrom Saipov yig‘ilganlarga inson huquqlari va erkinliklarini muhofaza qilishning ta’sirli vositasini barpo etish, xalqaro va huquqni muhofaza qilish tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish, davlat muassasalari xodimlari va barcha aholining inson huquqlari bo‘yicha madaniyatini oshirish maqsadida O‘zbekistonda olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil axborotlar berdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati Partiya dasturiy maqsadlarini ishlab chiqish va mafkuraviy ishlar bo‘limi mudiri Mohira Xoliqova so‘zga chiqib, 2010-yil 12-noyabrdagi parlament palatalarining qo‘shma majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan ilgari surilgan Konsepsiyaga asosan, 2011 va 2014-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida aytib, bu o‘zgarishlar natijasida O‘zbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashgani, shu jumladan, ijroiya hokimiyat faoliyati ustidan jamoatchilik (parlament) nazoratining o‘rnatilishi, Hukumatni shakllantirishda siyosiy partiyalarning o‘rni va roli yuksak ahamiyat kasb etishi, shu bilan birgalikda, ularga dolzarb va mas’uliyatli vazifalar yuklashi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda Toshkent shahar Adliya boshqarmasi Targ‘ibot va huquqiy ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Abror Berdiyev ham ishtirok etib, O‘zbekistonning Asosiy Qonunida boy davlatchilik tarixi an’analari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, xalkaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari o‘z ifodasini topganligini ta’kidladi.
Davra suhbati ishtirokchilari yig‘ilganlarga Konstitutsiyaning bugungi kundagi ahamiyati, unga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar hamda xalqaro miqyosdagi o‘rni haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Tadbir yakunida “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tomonidan o‘ziga xos viktorina ham tashkil etildi. Davra suhbati mehmonlariga esdalik sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)