Qirg‘izistonning O‘sh shahrida joylashgan Bobur nomidagi O‘sh o‘zbek musiqali drama teatri tashkil qilinganiga 95 yil to‘ldi, deb xabar bermoqda “24.kg”.
“1918-yilda qiziqchi va masxarabozlardan iborat kichik guruh sifatida tashkil qilingan muassasa 11 yil ichida yevropacha dramatik teatrga aylandi. Shu vaqtdan buyon teatrda 600 dan ortiq spektakl − sharq adabiyotining buyuk dramatik poemalari, antik tragediyalar, Shekspir asarlari, Aytmatov prozasi, hozirgi zamon mualliflari asarlari sahnalashtirildi”, − dedi Qirg‘iziston teatr arboblari ittifoqi prezidenti Janish Kulmambetov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bobur teatri Qirg‘izistonning ko‘pmillatli teatr madaniyatining bir qismiga aylanib, umumo‘zbek badiiy dunyosining sahna estetikasi va teatr an’analari tashuvchisi sifatidagi milliy o‘zligini yo‘qotmadi.
“Hozirda ushbu teatr jamoasi Respublika teatr hayotining old qatorlaridan joy olgan bo‘lib, Alisher Navoiy, Timur Zulfiqorov, Chingiz Aytmatov asarlari bo‘yicha spektakllarni tomoshabinlar e’tiboriga havola etib kelmoqda va sahnalashtirish uchun Barzu Abdurazzoqov, Xo‘jaquli Ovlaquli singari Markaziy Osiyoning iste’dodli rejissyorlarini taklif qilmoqda”, − deya qo‘shimcha qildi u.
Izoh (0)