Toshkent shahar “Sinov va sertifikatlashtirish markazi” Davlat korxonasining “Qurilish mahsulotlarini sertifikatlashtirish idorasi”da boshliq lavozimida faoliyat yurituvchi shaxs idorasiga murojaat qilib kelganlarga ko‘mak berish o‘rniga ularning qo‘liga qaradi. U yordam berishi kerak bo‘lgan vaziyatda turli bahonalarni vaj qilib, mijozlardan pora talab qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining “Huquq” nashri.
Jabrlanuvchi bir tadbirkor “bruschatka” ishlab chiqarishni maqsad qilgandi. Buning uchun mahsulotga muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgani bois u “Sinov va sertifikatlashtirish markazi” Davlat korxonasining “Qurilish mahsulotlarini sertifikatlashtirish idorasi” boshlig‘iga uchrashdi. Idora rahbari turli bahonalarni vaj qilib, gap orasida “qistir-qistir” bo‘lsa, ishi tez bitishini tushuntirdi.
Tadbirkor esa darhol bu ishning “bahosi”ni so‘radi. Idora rahbari “Sizni odamlarim topishadi, ishni o‘shalar orqali hal qilasiz”, — deya uning qo‘liga telefon raqami yozilgan bir parcha qog‘ozni berib, kuzatib qo‘ydi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, tadbirkor o‘sha qog‘ozga yozilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Telefonga javob qilgan kimsa tadbirkorga 1,5 ming dollar berishi kerakligini aytdi.
Pul bermasa, ishi bitmasligini tushungan tadbirkor uchrashuv manzilini belgilab oldi. Biroq u bu pulni tamagirga qo‘sh-qo‘llab topshirishga shoshilmay, tegishli idoralarga xabar berdi va shundan so‘ng belgilangan manzilga yetib keldi.
Uni mashinada “Qurilish mahsulotlarini sertifikatlashtirish idorasi” boshlig‘ining odamlari kutib turgan edi. Kelishilganidek, tadbirkor 1500 AQSh dollarini o‘sha odamga uzatdi. U odam “Ishim bitdi deyavering, tez kunda sertifikat qo‘lingizda bo‘ladi”, — deb endi yurmoqchi bo‘lganida, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.
Ishni atroflicha ko‘rib chiqqan jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi “Qurilish mahsulotlarini sertifikatlashtirish idorasi” boshlig‘iga yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlab, hukm chiqardi. Shuningdek, boshqa aybdorlarning ham javobgarlik masalasi hal etildi.
Izoh (0)