Jizzaxlik ikki yigit va bir qiz, shuningdek, samarqandlik yana bir yigit yoshiga yarasha ish qilmadi. Aksincha, qing‘ir yo‘llar bilan pul topishga kirishdi va bu yo‘lda o‘zaro jinoiy til biriktirib, sodda odamlar ishonchiga kirish orqali boyishni ko‘zladi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasining “Huquq” nashri.
Jinoiy guruhning dastlabki to‘riga g‘allaorollik fuqaro ilindi. U jinoiy guruh a’zolarining “Koreyada katta ishda ishlaydigan odamlarimiz bor, xohlasangiz yuboramiz”, — degan so‘zlariga ishonib, Koreyada ishlash orzusida 15 million so‘m pulini topshirdi. Bu pullarni esa jinoiy guruh a’zolari o‘z ehtiyojlariga sarflab yubordi.
Makr-u hiylalar ish bera boshladi. Bu gal ular boshqa bir fuqaroning o‘g‘lini ishlash uchun Janubiy Koreyaga yubormoqchi ekanligini eshitdi. Fursatdan foydalangan firibgarlar tezda fuqaroning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi. U firibgarlarning quruq va’dalariga ishongan holda 15 million so‘mni aytilgan manzilga keltirib berdi. Bu pullar ham “joyi”ni topib ketdi.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, jinoiy guruh a’zolaridan biri g‘allaorollik yigit va o‘g‘lini ishlash uchun Janubiy Koreyaga yubormoqchi bo‘lgan fuqaro bilan uchrashdi. Ularga “Koreyaga ketishingiz uchun pasportingizda viza bo‘lishi kerak, viza olishning ham o‘ziga yarasha xarajatlari bor, tanishlarim orqali vizalarni tezlashtirib olib beraman”, — deb har biridan 300 ming so‘mdan 600 ming so‘mgacha qo‘shimcha pulni qo‘lga kiritdi.
Ko‘p o‘tmay, bu jinoiy guruhning pinhoniy qilmishlari ochilib qoldi. Ular qilmishlariga yarasha qonun oldida javob berdi. Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlar undirib beriladigan bo‘ldi.
Izoh (0)