Arab davlatlari ligasi (ADL)ga a’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari mustaqil Falastin davlati tashkil etilishining muddatlari ko‘zda tutilgan rezolyutsiya loyihasini BMT Xavfsizlik kengashiga yo‘lladi. Bu haqda Reuters axborot agentligiga tayanib, “Kun” xabar bermoqda.
Vazirlar Quvayt, Mavritaniya, Iordaniya vakillari, shuningdek, ADL rahbari Nabil al-Arabiydan iborat qo‘mita tashkil etgan. Qo‘mita faoliyati ADL tomonidan ishlab chiqilgan rezolyutsiya xalqaro jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga erishish yo‘lida harakat qilishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq, Ispaniya parlamenti Falastin davlatini tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiya yuzasidan ramziy ovoz berishni o‘tkazish niyatini ma’lum qilgandi. Oktabr oyida esa bu kabi ovoz berishlar Buyuk Britaniya va Irlandiya parlamentlarida bo‘lib o‘tgan.
Shuningdek, oktabr oyida Shvetsiya Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgan bo‘lib, dekabrda Fransiya parlamenti ham Falastinning huquqiy maqomi masalasini ovozga qo‘yishi kutilmoqda.
Izoh (0)