Toshkent shahrida “O‘zbekiston matbuoti” IV Milliy forumi o‘tkazilib, unda senatorlar va deputatlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakillari, markaziy va hududiy bosma va internet nashrlari, jamoat tashkilotlari rahbarlari, media soha ekspertlari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Forum O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti va Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari U. Muhammadiyev, Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi raisi X. Mirzohidov, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori A. Abdullayev va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida milliy media sohasini izchil ravnaq toptirish, uning jahon andozalari darajasida faoliyat ko‘rsatishi uchun keng ko‘lamli imkoniyat va sharoitlarni yaratish, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va manfaatlarini ta’minlashga oid tizimli islohotlar amaliy natijalar berayotganini ta’kidladi.
Forumda nodavlat OAV faoliyati tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish — axborot sohasini demokratlashtirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishi, fuqarolarning axborot olish huquqini ta’minlash, axborot sohasini liberallashtirish, O‘zbekistonda OAV faoliyatining huquqiy, iqtisodiy asoslarini rivojlantirish — ular mustaqilligi va erkinligining eng muhim sharti kabi qator mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Izoh (0)