18 noyabr kuni ertalab Milliy Olimpiya Qo‘mitasi raisi hamda O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov boshchilagidagi katta delegatsiya Andijonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Mirabror Usmonov boshchilik qilgan delegatsiyadan Sardor Rahmatullayev (O‘FF vitse-prezidenti), Narimon Jalolov (O‘FF faxriylar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i), Farhod Magometov (PFL bosh direktori), Muxtor Hoshimov, Murod Aliyev (Respublika Madaniya va Sport ishlari vazirligi o‘rinbosari), Oybek Qosimov (MOQ bosh kotibi), Shavkat Imomov, Shavkat Jalilov (MOQ matbuot kotibi) va Hasan Pirmuhammedov (fotomuxbir) o‘rin olishdi. Ularning Andijonga tashrifidan asosiy maqsad, viloyatda sport turlariga jiddiy e’tibor qaratish, “Andijon” futbol jamoasining infrastrukturasini kuchaytirish, shuningdek, MOQ tomonidan belgilab olingan istiqbolli sport turlariga bo‘lgan e’tiborni oshirish bo‘ldi.
Toshkentdan kelgan M. Usmonov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari dastlab Bo‘ston dahasida joylashgan “Andijon” klubi futbol maktabiga tashrif buyurdi. Mirabror Zufarovich futbol maktabi direktori Muhammadqosim To‘xtasinov bilan suhbatlashib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng delegatsiya yangi qurib bitkazilayotgan qilichbozlik markazi binosini ham ko‘zdan kechirishdi. Soat 11:00da Andijon viloyati hokimiyatining majlislar o‘tkazish zalida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda Mirabror Zufarovich “Andijon” jamoasini Oliy ligada qoldirilganini ma’lum qildi.
“Bu yil ‘Andijon’ jamoasini tashkil topganiga 50 yil to‘ldi. Qolaversa, Andijon ahli futbolni juda sevadi. Shuni inobatga olib, O‘FF va PFL xodimlari bilan maslahatlashgan holda “Andijon” jamoasini Oliy ligada qoldirishga qaror qildik”, − dedi Mirbaror Usmonov.
Shunday qilib, “Andijon” jamoasi kelasi yili ham Oliy ligada ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi.
Izoh (0)